Главная - Новости - Shavkat Mirziyoyev Sardoba falokatidan jabr ko‘rgan Qozog‘iston tumanlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni To‘qayev bilan kelishib oldi

Shavkat Mirziyoyev Sardoba falokatidan jabr ko‘rgan Qozog‘iston tumanlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni To‘qayev bilan kelishib oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram — fashizm ustidan qozonilgan G‘alaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, ikki mamlakat faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tilagan.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jabr ko‘rgan tumanlarda aholiga manzilli yordam ko‘rsatish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha navbatdagi qadamlar kelishib olingan.

“Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyatni ham ko‘rib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida mamlakatlarimizda ko‘rilayotgan choralar qo‘llab-quvvatlandi”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etilgan.

Prezidentlar xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashgan. “Suhbat yakunida ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan keng ko‘lamli O‘zbekiston—Qozog‘iston hamkorligini kengaytirishga intilish qat’iy ekani ta’kidlandi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati axborotida.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.