Главная - Новости - O‘zbekistonda yig‘ilgan Chevrolet modellarining Rossiya bozorlarida sotuvga chiqish muddati kechiktirildi

O‘zbekistonda yig‘ilgan Chevrolet modellarining Rossiya bozorlarida sotuvga chiqish muddati kechiktirildi

UzAuto Motors kompaniyasi Rossiyada Chevrolet avtomobillar savdosini boshlay olmadi. Savdolarning boshlanmasligiga sertifikatlash bilan bog‘liq muammolar, oldingi Ravon markasining qarzlari, shuningdek, hozirda ham davom etayotgan koronavirus epidemiyasi kabi omillar sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi Motor.

UzAuto Motors General Motors’ning Rossiyadagi vakolatxonasi mart oyidayoq bozorga chiqishni rejalashtirgan edi. Rossiyada paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan Chevrolet’ning dastlabki modellari orasidan Spark, Nexia va Cobalt o‘rin olgandi. Ular Ravon R2, Ravon Nexia R3 va Ravon R4 modellarini mos ravishda almashtirishi kerak edi.

Biroq COVID-19 epidemiyasi va karantin choralari sabab O‘zbekiston o‘z vaqtida avtomobillarni Rossiyaga yetkazib bera olmadi. Modellarning Rossiya bozoriga chiqishi kamida yoz faslining o‘rtalariga qadar qoldirildi. Koronavirusga oid vaziyat yaxshilanmasa, Chevrolet modellarining Rossiyada paydo bo‘lishi yanada uzoqroq muddatga suriladi.

O‘tgan yillar davomida Ravon avtomobillarini Rossiyaga yetkazib berish borasida muntazam muammolar paydo bo‘lgani sabab hozirda UzAuto Motors’ni rossiyalik dilerlar qo‘llab-quvvatlamayapti. Bularning barchasi yaqin kelajakda O‘zbekistonda yig‘ilgan Chevrolet rusumidagi avtomobillarning rus bozoriga kirishiga deyarli imkon bermasligi mumkin.

Avvalroq UzAuto Motors Rossiya va MDH mamlakatlarida Ravon brendi ostida avtomobillar savdosi 2020-yilning o‘rtalariga kelib to‘xtashi haqida xabar bergandi.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.