Главная - Новости - Toshkent ko‘chalaridagi 2,5 mingga yaqin beton blok Sardoba to‘g‘onini qayta tiklash uchun yuborildi

Toshkent ko‘chalaridagi 2,5 mingga yaqin beton blok Sardoba to‘g‘onini qayta tiklash uchun yuborildi

Toshkent shahri ko‘chalariga o‘rnatilgan 2,5 mingga yaqin beton bloklar Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilgan qismini qayta tiklash uchun yuborilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2-may kuni Sirdaryo viloyatiga yordam karvonini tashkillashtirgan tashabbuskor faollar bilan uchrashuvida aytib o‘tgan.
Hokimning ta’kidlashicha, poytaxt ko‘chalarida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan karantin vaqtida yo‘llarni to‘sish uchun foydalanilgan 2,4 mingdan ortiq beton bloklar 2-mayga o‘tar kechasi Sirdaryo viloyatiga tashilgan.

“Dambani to‘sish uchun. 120 ta katta-katta yuk mashinalari kechasi bilan tashidi”, — deya poytaxt hokimining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “Kun.uz”.

Eslatib o‘tamiz, 1-may kuni tongda Sardoba suv ombori to‘g‘onida buzilish yuz berib, Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida suv toshqini kuzatildi (falokat oqibatlari Qozog‘istonning janubiy tumanlariga ham ta’sir qilgan).

Mutaxassislarning fikricha, falokatga 1-mayga o‘tar kechasi yuz bergan kuchli shamol va yomg‘ir sabab bo‘lgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev voqea yuz bergan kuniyoq Sirdaryoga yetib borgan, hozirda to‘g‘onning buzilgan qismi qayta tiklanmoqda.


3-may kuni hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, tergov DXX tomonidan olib borilayotgani ma’lum bo‘ldi. Prezident shu kuni suv toshqinidan jiddiy zarar ko‘rgan “Qo‘rg‘ontepa” mahallasi aholisi bilan suhbatda “holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xulosa berishi”ni ta’kidladi.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.