Главная - Новости - Qozog‘iston rasmiylari Sardobadagi toshqinni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga kelmoqda

Qozog‘iston rasmiylari Sardobadagi toshqinni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga kelmoqda

Qozog‘istonning Turkiston viloyati hokimi Umrzoq Shukeyev va Qozog‘iston suv xo‘jaligi sohasining mutaxassislari Maxtaral tumanida yuz bergan suv toshqini masalasini muhokama qilish uchun Sirdaryo viloyatiga jo‘nab ketdi.


“Zakon.kz”ning xabar berishicha, bu haqda Turkiston viloyati hokimining o‘rinbosari Saken Kalkamanov brifingda ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruh tegishli vazirliklar vakillari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazadi.

“Maxsus guruh O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev va Sirdaryo viloyati rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi. Umuman olganda, ushbu holat har ikki mamlakat hukumati bilan birgalikda muhokama qilinadi va hal etiladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hududga 300 million kubometr suv kirib kelgan.

Bunday yirik hajmlar birinchi marta qayd etilmoqda. Hozircha hech qanday xavf yo‘q, deb aytishga juda erta. O‘zbekiston tomonidan suv oqimi hali qaysi yo‘nalishda kelishi noma’lum, chunki qo‘shni davlat bilan hozirgi vaziyat haqida ma’lumot almashish tizimlashtirilmagan”, — deb ta’kidlagan Saken Kalkamanov.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, ayni paytda hududdagi Firdavsiy qishlog‘i to‘liq suv ostida qolgan, Mirzakent qishlog‘ini to‘liq suv bosmasligi uchun to‘g‘on qurilmoqda. Bundan tashqari, Maxtaral tumanida suv toshqini yuz berishi mumkin bo‘lgan yana 7 ta aholi punkti aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omboridagi suv toshqini oqibatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maxtaral tumani hududida texnogen xususiyatga ega favqulodda holat e’lon qilingandi. Viloyatning 5 mingdan ortiq qishloq aholisi evakuatsiya qilingan. Qozog‘iston rasmiylari O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri suv oqimi to‘xtaganini ta’kidlagani, biroq suv oqimi kelishi to‘xtamayotgani va yana bir qishloq suv ostida qolganini ma’lum qilgan.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.