- - “Yer – bizning yagona uyimiz”. 22-aprel – Ona Yer kuni

“Yer – bizning yagona uyimiz”. 22-aprel – Ona Yer kuni

Deyarli hamma xalqlar zaminni “Ona Yer” deb ataydi. Hatto qadimgi rimliklar ham sayyoramizni aynan shu ma’noda Tellus Mater deb aytgan. Bu esa, shubhasiz, insoniyat va ona zamin bir-biri bilan uzviy bog‘liq, odamzot va Yer ajralmasligining ifodasi deyish mumkin. Hatto muqaddas dinimizda ham odam tuproqdan yaralgani ta’kidlanadi va u oxir-oqibatda yana tuproqqa qaytadi..
Avvallari “Yer kuni” ko‘plab mamlakatlarda bahorgi tengkunlik sanasida (21-mart) nishonlanar edi. 1970-yildan e’tiboran esa ushbu sana 22-aprelda nishonlanadigan bo‘ldi. O‘shanda AQSh parlamenti senatori Geylord Nelson boshchiligida garvardlik bir necha faol talaba yoshlar ishtirokida dastlabki “Yer kuni” aksiyasi o‘tkazilgan edi. 1971-yildan e’tiboran esa ushbu senator tashabbusi bilan AQShda mazkur sana bayram sifatida har yili nishonlanadigan bo‘ldi va u mamlakat aholisi orasida tez ommalashdi. Keyinchalik sana boshqa mamlakatlarda ham norasmiy bo‘lsa-da, bayram sifatida e’tirof etila boshlandi.

BMTning 2009-yil 22-aprelda qabul qilingan rezolyutsiyasi bilan 22-aprel sanasi dunyoda “Ona Yer kuni” sifatida xalqaro bayram kuni deb e’tirof etildi. BMT nazdida ushbu bayram sanasi ona sayyoramiz hamda uning ekotizimi, biologik xilma-xilligi, tabiati bilan unda umrguzaronlik qilib kelayotgan bashariyatning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari orasida adolatli muvozanat bo‘lishi kerakligini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lib, odamzot va sayyora o‘zaro uzviy hamohanglikda yashashining ahamiyatini har bir shaxs ongiga yetkazishni maqsad qilgan.

Ayniqsa, butun sivilizatsiya uchun taalluqli xatarlarni yuzaga chiqayotgan hozirgi bir necha global muammolar sharoitida, xususan, iqlim o‘zgarishlari, pandemiya, o‘rmonlarning qisqarishi va cho‘llanish jarayonining tezlashuvi, muzliklarning erishi, noyob jonivorlarning qirilib ketayotgani va brakonyerlik avj olayotgani singari ko‘ndalang turgan masalalar qarshisida odamlarning ona sayyorani himoya qilish yo‘lida birdamligi g‘oyat muhimdir.

Alaloqibat, bu insoniyatning o‘zini-o‘zi himoya qilishi bo‘lib chiqadi, chunki bizning ona zamindan boshqa boradigan joyimiz, o‘zga boshpanamiz yo‘q! Yer – bizning yagona uyimiz va biz undagi muammolardan qochib-qutilib boshqa hech qayoqqa yetib bora olmaymiz. Shunday ekan, har bir shaxs, shu sayyorada yashovchi har bir odam zamin uchun nimadir qilishga harakat qilishi lozim.

Tabiatga ozor bermaslik, uning boyliklaridan va ne’matlaridan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni asrash, jonivorlarga ziyon yetkazmaslik, ifloslantirmaslik, o‘z tevarak-atrofimizni pokiza tutish – bu har birimizning qo‘limizdan keladigan oddiy va lekin umumiy zamin manfaati uchun g‘oyat muhim bo‘lgan narsalardir. Bu bizning nafaqat o‘zimiz uchun, balki kelgusi avlodlar uchun ham qiladigan eng katta xizmatimiz bo‘ladi.
Плееры с фильмом для сайта онлайн кинотеатра
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.