- - Rossiyalik ikki ofitser O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxsdan 1 mln dollar undirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi

Rossiyalik ikki ofitser O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxsdan 1 mln dollar undirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi

Rossiyaning huquq-tartibot idoralarining yuqori lavozimli ikki nafar xodimi O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan shaxsdan 1 million dollar undirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, politsiya podpolkovnigi Albert Kudryashov va IIB mayori Andrey Gaytov O‘zbekistonda tug‘ilgan shaxsdan 1 million dollar talab qilgan.

Tergovchilar ma’lum qilishicha, 7-mart kuni Kudryashov va Gaytov rasman ishsiz bo‘lgan Ashraf Aysenovning Petrovskoye qishlog‘idagi uyiga borib, undan 1 million dollar talab qilgan. Aks holda unga qarshi jinoyat ishi ochib, O‘zbekistonga berib yuborish bilan tahdid qilishgan. Ofitserlar xizmat imkoniyatidan foydalanib, avval Jasur Jalilov ismi-sharifida bo‘lgan Aysenovning 1,5 million dollarni talon-toroj qilgani uchun O‘zbekistonda qidiruvda ekanini aniqlagan. 2015-yilda Jalilov Rossiyaga Ashraf Burxonov pasporti bilan borgan. Keyinchalik, xotinining familiyasini olib, Aysenov bo‘lgan. So‘ngra u bilan ajrashgan.

Aysenov ofitserlarning talabiga rozi bo‘lgan. Ammo to‘lanadigan qiymat bo‘yicha savdolashib, uni 13 million rublga pasaytirgan. Ofitserlar pulni olish uchun kelganida Istra shahri politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.

Podpolkovnik Kudryashov va mayor Gaytovga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 163-moddasi 3-qismi (“Uyushgan guruh tarkibida tovlamachilik qilish”) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Bunga O‘zbekistonda tug‘ilgan tadbirkor Ashraf Aysenovning arizasi asos bo‘lgan. U politsiyachilarning jinoiy javobgarlikka tortilmaslikni va himoya ostida bo‘lishni va’da qilishayotgani, buning evaziga 13 million rubl so‘rashayotgani haqida yozib bergan.

Ayni paytda jinoyat ishi Rossiya Tergov qo‘mitasining harbiy tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan.

Ofitserlarni 2 oyga hibsga olish masalasini ko‘rib chiqqan Istra shahar sudida ular o‘z aybini inkor qilgan va Aysenovni ekstremistlarga aloqadorligini aniqlash maqsadida, O‘zbekistonga berib yuborish bilan qo‘rqitishganini aytgan. Biroq sud ularning bahonalariga ishonmay, 2 oy hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi.
Плееры с фильмом для сайта онлайн кинотеатра
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.