Главная - Новости - O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 10,1 ming so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 10,1 ming so‘mdan oshdi



O‘zbekiston Markaziy banki 15-aprel, chorshanba kuni xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi kurslarini belgiladi, ushbu o‘zgarishlar 16-apreldan kuchga kiradi.

Unga ko‘ra, AQSh dollari kursi 427 so‘mga oshib, 10 121 so‘mni, yevro esa 512 so‘mga oshib, 11 111 so‘mni, Rossiya rubli esa 7 so‘mga oshib, 139 so‘mni tashkil etdi (ma’lumot uchun, Respublika valyuta birjasida 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan savdolar chog‘ida dollar kursi 10 121 so‘mga, yevro kursi esa 11 111 so‘mga yetgan).

Qayd etish joiz, valyutalarning rasmiy kursi bir hafta ichida ikkinchi marta yangilandi. Odatda Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladigan rasmiy kurs haftasiga bir marta, seshanba kunlari yangilanar edi.

Eslatib o‘tamiz, 14-aprel oqshomida O‘zbekiston tijorat banklari dollar kursini sezilarli oshirib, AQSh valyutasini 10 ming so‘mdan yuqori qiymatda sotish va sotib olishni boshlagan edi. Xuddi shu kuni Markaziy bank asosiy stavka (qayta moliyalash stavkasi)ni 16 foizdan 15 foizga tushirish haqida qaror qabul qilgan edi.

Bungacha Markaziy bank 13-aprel kuni bayonot berib, aprel oyi boshidan so‘mning keskin qadrsizlanishiga eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmi qisqargani, shuningdek, Rossiya rubli va Qozog‘iston tengesi qadrsizlanganini asosiy sabab sifatida keltirgan edi.

Shu bilan birga, Markaziy bank so‘m almashuv kursining qadrsizlanishi ehtimolini past darajada baholashini bildirgan edi.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.