Главная - Новости - Ramzan Qodirov karantin qoidalarini buzganlar uchun yangi jazo chorasini o‘ylab topdi

Ramzan Qodirov karantin qoidalarini buzganlar uchun yangi jazo chorasini o‘ylab topdi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov “o‘zini yakkalash” tartibini buzgan fuqarolar uchun yangi jazo chorasini o‘ylab topdi — u karantinga rioya qilmaganlarni qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilishni taklif etdi. Bu haqda “Chechnya Segodnya” portali xabar bergan.


Checheniston respublikasi yetakchisining fikricha, bir kishining xatosi uchun butun oila javobgar bo‘lishi noto‘g‘ri, shu sababli fuqaro jamiyat oldida qilgan aybi uchun boshqacharoq uslubda jazolanadi.

“Uyida tinchgina o‘tira olmay ko‘chaga chiqdimi? Demak, har kuni dalada ishlab elga foyda keltiradi. Biz unga (qoidabuzarga) ish topib beramiz. Yer chopadi, ekin ekadi va uni parvarishlaydi”, — dedi Qodirov.

Ramzan Qodirovning aytishicha qoidabuzarlar Rossiyada epidemiya yakuniga yetguniga qadar uyiga qaytmaydi.

Checheniston rahbari karantin tartibini buzgan fuqarolarni bir necha bor tanqid qilgan. 6-aprel kuni “o‘zini yakkalash” tartibini buzgan fuqaroni kaltaklagan xodimlarni maqtab, ularni mukofotlashni va’da bergan.

“Menimcha ham minglab odamlarni tuproqqa qo‘ygandan, bitta odamni do‘pposlagan yaxshi. Shu sababli ham qattiq choralar ko‘rilmoqda. Kerak bo‘lsa to‘qmoq bilan uramiz. Vaziyat taqozo etsa qamoqqa, yerto‘laga tiqamiz, lekin xalqni himoya qilamiz”, — degan Ramzan Qodirov.

Checheniston koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida Rossiya federatsiyasiga kirish va chiqishni to‘liq cheklab qo‘ygan birinchi federal hudud. Qodirov kirish-chiqish yopilishidan avval barcha fuqarolarni 5-aprelgacha hududga qaytishga chaqirgan. Cheklovlar ishlab chiqarish transporti va tibbiyot buyumlarini tashishga taaluqli emas. Bundan tashqari, respublikada tunda ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Qodirovning aytishicha bu hali “kommendatlik soati” emas, balki “harakatni-to‘xtatish” chorasi.
Комментарии (0)
Комментировать
Информация
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.